Omon qolish haqida 7 ta afsona

Ekstremal sharoitlarda omon qolish mavzusi ko‘plab afsonalar bilan o‘ralgan. Ular mantiqli tuyulsa ham, amalda sinovdan o‘tkazilganda xavfli ekani aniqlangan. Haqiqiy vaziyatda bunday noto‘g‘ri tushunchalar hayotingizga zomin bo‘lishi mumkin. Shu sababli haqiqat va uydirmani farqlash muhim. Keling, omon qolish bilan bog‘liq 7 ta afsonani ko‘rib chiqamiz, ular o‘ta xavfli bo‘lishi mumkin.
1-afsona: Kaktusdan suv ichish mumkin
Ommaviy madaniyatda kaktus suvi sahroda ishonchli suv manbai sifatida qaraladi. Aslida esa ko‘pchilik kaktuslarning shirasida toksik modda bo‘ladi. Uni ichish ko‘ngil aynishi, ich ketishi va suvsizlanishga olib keladi. Bunday holatlarda bu oqibatlar halokatli bo‘lishi mumkin. Ishonchli suv manbai yo‘q bo‘lsa, kaktus suvi ichishdan ko‘ra tanadagi suyuqlikni saqlashga e’tibor qaratgan ma’qul.
2-afsona: Ovqat suvdan muhimroq
Yovvoyi tabiatda odam ovqat topishga berilib, suvni unutishi mumkin. Lekin oziq-ovqatsiz bir necha hafta yashash mumkin, suv yo‘qligida esa faqat bir-ikki kun. Ayniqsa, issiq iqlimda suvsizlanish qisqa vaqt ichida insonni toliqtiradi. Hatto yengil suvsizlanish ham sog‘liq uchun xavfli ekanini unutmaslik kerak.
3-afsona: Yo‘ldan adashganda darhol ovqat qidirish kerak
Ko’pchilik orasida yo‘ldan adashganda darhol ovqat izlash kerak degan tushuncha keng tarqalgan. Ammo avval joylashuvingizni aniqlash, suv manbai topish va boshpana qurish muhim. Inson organizmi uzoq vaqt ochlikka bardosh bera oladi. Ovqat qidirish esa ortiqcha energiya sarflaydi va jarohatlanish yoki yirtqich hayvonlarga duch kelish xavfini oshiradi.
4-afsona: Mox har doim daraxtning shimol tomonida o‘sadi
Bu afsona odamni yo‘ldan urishi mumkin. Aslida mox daraxtning nam va soyali tomonida o‘sadi. Bu iqlim, joylashuv va mavsumga bog‘liq. Faqatgina moxga qarab yo‘l topish xatodir. Buning o‘rniga quyosh, yulduzlar yoki kompas yordamida yo‘l topish afzaldir.
5-afsona: Alkogol ichib isinish mumkin
Alkogol qon tomirlarini kengaytirib, teri yuzasiga qon oqimini kuchaytirgani uchun isinish hissini beradi. Ammo bu faqat vaqtinchalik. Alkogol tana issiqligini yo‘qotishni tezlashtiradi va sovuqda tanani zaiflashtiradi. Sovuq ob-havoda alkogol ichish tirik qolish imkoniyatini sezilarli darajada kamaytiradi.
6-afsona: Tutib olingan har qanday baliqni yeyish mumkin
Barcha baliqlar ham yeyishga yaroqli emas. Ba’zi chuchuk suv baliqlari ham zaharli bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, xom baliqda parazitlar va zararli bakteriyalar bo‘lishi mumkin. Baliqni faqat olovda pishirish xavfsiz. Agar olov yo‘q bo‘lsa, notanish baliqlarni iste’mol qilishdan tiyilgan ma’qul.
7-afsona: Boshpana qancha katta bo‘lsa, shuncha yaxshi
Ko‘pchilik boshpana qurishda uni katta va keng qilishga harakat qiladi. Aslida esa, katta boshpanani isitish qiyin bo‘ladi. Yaxshisi boshpana kichik bo‘lib, issiqlikni saqlashi va shamol hamda yog‘ingarchilikdan himoya qilishi kerak. Katta boshpana qurish ko‘proq kuch talab qiladi va sovuqda muzlash xavfini oshiradi.
Xulosa
Yashab qolish haqidagi afsonalarini anglab yetish va haqiqiy ko‘nikmalarga ega bo‘lish qiyin sharoitlarda muhim rol o‘ynaydi. Ko‘plab xavfli noto‘g‘ri tushunchalar filmlar va ko‘rsatuvlardan kelib chiqqan. Amaliyotda esa omon qolish uchun nafaqat jismoniy chidamlilik, balki tanqidiy fikrlash, sog‘lom tafakkur va haqiqatni uydirmadan ajratish qobiliyati zarur.